2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14–23-iyul kunlari o‘tkaziladi.
Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, test sinovlari har kuni ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa soat 15:00 da boshlanadi.
Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan hududga kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari lozim.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyentlar my.uzbmb.uz portali orqali «Abituriyent ruxsatnomasi»ni yuklab olib, uni chop etishlari kerak. Ruxsatnomada test o‘tkaziladigan manzil, sana va smena ko‘rsatiladi.
Abituriyentlar faqat ruxsatnomada belgilangan manzil, sana va smenada test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin. Test sinovining joyi, sanasi yoki vaqtini o‘zgartirishga ruxsat berilmaydi.
Test sinoviga kirishda abituriyentlar pasport yoki ID-karta hamda chop etilgan ruxsatnomani taqdim etishlari shart. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.



