O‘zbekistonda Mobiuz mobil aloqa operatorini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro jarayon yakunlandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasidagi davlat ulushining 100 foizi sotilganini ma’lum qildi.
Ochiq xalqaro tanlov tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi asosida o‘tkazildi. Bitimga qiziqish yuqori bo‘ldi: jarayon xalqaro maslahatchilar, investorlar bilan uchrashuvlar hamda Bloomberg va Financial Times kabi nufuzli nashrlardagi e’lonlar orqali xorijiy bozorlarda faol targ‘ib qilindi. Shuningdek, bitim xalqaro road-show tadbirlarida ham taqdim etildi.
E’tiborlisi, tanlovda dunyoning turli mintaqalaridan investorlar qatnashdi. AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Janubiy Kavkazdan 15 dan ortiq investor va investitsiya guruhi jarayonda ishtirok etdi. Ularning aksariyati xorijiy investorlar edi.
Dastlabki bosqichda 10 nafar ishtirokchi narx takliflarini taqdim etdi. Kompaniyaning moliyaviy va huquqiy holati bo‘yicha xalqaro standartlarga mos Due Diligence materiallari tayyorlanib, potensial xaridorlarga taqdim etildi. Natijada Mobiuzni sotib olish bo‘yicha 6 ta majburiy taklif kelib tushdi.
Bitimni tashkil etish uchun yirik xalqaro maslahatchilar jalb qilindi. Rothschild & Co strategik maslahatchi, KPMG moliyaviy maslahatchi, Deloitte esa mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi.
Xususiylashtirish yakunlariga ko‘ra, AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi hamda texnologik hamkor JVR Enterprises LLC (JVR Capital Group)ning taklifi g‘olib deb topildi.
Taklifga ko‘ra, Mobiuz kompaniyasi 351 million AQSh dollariga baholangan. Bundan tashqari, yangi investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun 500 million dollargacha investitsiya kiritish niyatida ekanini bildirgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, taklif etilgan narx EV/EBITDA ko‘rsatkichi bo‘yicha 7,4x multiplikatoriga teng bo‘lib, bu kompaniyaning bozor qiymati yuqori baholanganini va mustaqil baholovchi aniqlagan qiymatdan sezilarli darajada yuqoriligini ko‘rsatadi.
Agentlik tanlov jarayoni davlat uchun maksimal samaradorlikni ta’minlash va eng raqobatbardosh takliflarni jalb qilish maqsadida tashkil etilganini ta’kidladi. Ishtirokchilarga yakuniy bosqichda takliflarini yaxshilash imkoniyati ham berilgan.
Shu bilan birga, bitim hali to‘liq yakunlangan hisoblanmaydi. Jarayonni yakunlash uchun tegishli regulyator organlarining ruxsatlari olinishi hamda barcha korporativ va huquqiy tartib-taomillar bajarilishi lozim.
Agentlik tanlovda qatnashgan barcha investorlar hamda jarayonni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga hissa qo‘shgan KPMG, Rothschild & Co va Deloitte kompaniyalariga minnatdorchilik bildirdi.
Barcha zarur tartiblar yakunlangach, Mobiuz rasman yangi investorlar nazoratiga o‘tadi. Endi asosiy masala operatorning yangi egalari va’da qilgan 500 million dollargacha bo‘lgan investitsiyalar qanday amalga oshirilishida bo‘ladi.


