O‘zbekiston Migratsiya agentligi Qatar davlatida rasmiy ishga joylashtirish uchun farmatsevtlar qabuli boshlanganini ma’lum qildi. Loyiha Qatar ish beruvchilari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va dastlabki bosqichda O‘zbekistondan 100 nafar mutaxassisni ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Nomzodlarga oyiga 2000 AQSh dollarigacha “qo‘lga tegadigan” maosh taklif etilmoqda. Ish kuni esa 7 soatni tashkil etadi.
Ish beruvchi ko‘chib o‘tish va ishga joylashish bilan bog‘liq asosiy xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi. Jumladan, ish vizasi, O‘zbekistondan Qatarga aviachipta, tibbiy sug‘urta, aeroportdan transfer, yashash joyi hamda ichki transport xarajatlari qoplanadi.
Xodimlar faqat oziq-ovqat xarajatlarini mustaqil ravishda to‘laydi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu xarajatlar oyiga taxminan 150–200 dollarni tashkil etadi.
Dasturda 22 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Talablar qatoriga farmatsevtika yo‘nalishida oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumot, kamida bir yillik ish tajribasi hamda ingliz tilini muloqot darajasida bilish kiradi.
Ishtirok etish uchun nomzodlar Migratsiya agentligi platformasida o‘z rezyumelarini joylashtirishi kerak. Dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tganlar ish beruvchilar bilan suhbat bosqichiga taklif etiladi.
Migratsiya agentligi mazkur dastur o‘zbekistonlik mutaxassislarga xalqaro tajriba orttirish va xorijda rasmiy ishga joylashish imkoniyatini yaratishini ta’kidladi.
