Bortkuzatuvchi kasbi aviatsiyadagi eng jozibador kasblardan biri hisoblanadi. Sayohat qilish imkoniyatidan tashqari, xodimlar barqaror ish, kasbiy rivojlanish va maxsus tayyorgarlikka ega bo‘ladi. Biroq bu kasbga kirish uchun bir nechta majburiy bosqichlardan o‘tish talab etiladi.
Qaysi aviakompaniyalar bortkuzatuvchilarni ishga qabul qiladi?
O‘zbekistonda Uzbekistan Airways, Silk Avia, Qanot Sharq va Centrum Air muntazam ravishda bortkuzatuvchilarni ishga qabul qiladi. Ayrim aviakompaniyalar tajribasiz nomzodlarni o‘qitadi, boshqalari esa tajribali mutaxassislarni izlaydi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi?
Talablar aviakompaniyaga qarab farq qilishi mumkin, biroq odatda nomzod:
O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
kamida o‘rta ma'lumotga ega bo‘lishi;
o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi;
bo‘y va sog‘liq bo‘yicha talablarga javob berishi;
tananing ochiq qismida ko‘zga tashlanadigan tatuirovka va pirsingga ega bo‘lmasligi kerak.
Qo‘shimcha xorijiy tillarni bilish ustunlik hisoblanadi.
Tanlov qanday o‘tadi?
Ishga qabul qilish bir necha bosqichdan iborat:
rezyume va hujjatlarni topshirish;
suhbat;
Vrachlik-parvoz ekspert komissiyasidan (VLEK) o‘tish;
o‘quv kurslari;
yakuniy imtihonlar;
amaliy parvozlar va stajirovka.
Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlargina mustaqil parvozlarga qo‘yiladi.
Bo‘lajak bortkuzatuvchilar nimalarni o‘rganadi?
Tayyorgarlik akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazida olib boriladi. Dastur aviatsiya xavfsizligi, birinchi tibbiy yordam, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish, yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish, xavfli yuklarni tashish qoidalari, samolyot tuzilishi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish standartlarini o‘z ichiga oladi.
Mashg‘ulotlarning katta qismi samolyot salonini taqlid qiluvchi maxsus trenajyorlarda amaliy tarzda o‘tkaziladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarini qayerdan topish mumkin va martaba o‘sishi bormi?
Aviakompaniyalar vakant o‘rinlarni o‘zlarining rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qiladi. Ishga qabul yil davomida doimiy ravishda olib borilmaydi, shuning uchun hujjat topshirishdan oldin vakansiya ochiq ekanligini tekshirish tavsiya etiladi.
Tajriba ortgani sari bortkuzatuvchilar yuqori toifaga ega bo‘lishi, katta bortkuzatuvchi va keyinchalik yangi xodimlarni tayyorlaydigan instruktor lavozimigacha ko‘tarilishi mumkin.
O‘zbekistonda bortkuzatuvchilar qancha maosh oladi?
Bortkuzatuvchining daromadi faqat asosiy oylikdan iborat emas. Yakuniy maosh bajarilgan reyslar soni, parvoz soatlari, toifa va turli ustamalarga qarab shakllanadi. Shu sababli daromad ish tajribasi va parvozlar soniga qarab farq qiladi.


