GTA VI’ning uzoq kutilgan rasmiy narxlari ma’lum bo‘ldi. O‘yinning asosiy versiyasi $80, kengaytirilgan Ultimate Edition esa $100 turadi.
Ultimate Edition egalari qo‘shimcha kontentdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar. Unga eksklyuziv o‘yin imkoniyatlari va obyektlar kiradi: avto ustaxonalar, tatuirovka salonlari, sartaroshxonalar, kiyim-kechak do‘konlari, shuningdek, personaj va transport vositalarini kengaytirilgan sozlash funksiyalari. Bundan tashqari, qo‘shimcha avtomobillar, qurollar va boshqa o‘yin ichidagi buyumlar ham kutilmoqda.
Ishlab chiquvchilar loyiha bo‘yicha yangi tafsilotlarni ham taqdim etishdi. Foydalanuvchilar PlayStation’ning rasmiy FAQ bo‘limida GTA VI hozircha single-player o‘yin sifatida ko‘rsatilganini payqashdi, unda multiplayer yoki yangi GTA Online versiyasi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu esa muxlislar orasida faol muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, Rockstar Games yangi skrinshotlar to‘plamini e’lon qildi. Ularda Vice City hududlari, transport vositalari, qahramonlar va o‘yin dunyosining batafsil ko‘rinishlari aks etgan.
GTA VI uchun oldindan buyurtmalar 25-iyun soat 00:00 da boshlanadi.
Avvalroq biz GTA VI 2026-yil 19-noyabrda chiqishi haqida yozgan edik.
