Farmatsevtika kompaniyasi Nika Pharm reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun Rinoksil Formula+ preparatini targ‘ib qilish jarayonida jarimaga tortildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, reklama roligida mashhur tarixiy shaxslar — Amir Temur, Jorj Vashington, Avitsenna, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy va Napoleon Bonapart obrazlaridan foydalanilgan. Videoda ushbu tarixiy shaxslar go‘yoki mazkur dori vositasidan foydalangandek taassurot uyg‘otilgan.
Regulyator bunday reklama axloq va ma’naviyat me’yorlarini buzishi, shuningdek amaldagi qonunchilik talablariga zid ekanini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 16-moddasi buzilgani ta’kidlangan. Ushbu modda reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek umumqabul qilingan axloqiy me’yorlarga zid bo‘lgan obraz va ifodalardan foydalanishni taqiqlaydi.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, hududiy komissiya ma’muriy ish qo‘zg‘atib, kompaniyaga nisbatan jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, kompaniyaga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
