Yevropani so‘nggi yillardagi eng kuchli jazirama to‘lqinlaridan biri qamrab oldi. Xorijiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 200 milliondan ortiq aholi anomal yuqori harorat kuzatilayotgan hududlarda yashamoqda va issiq sharqqa tomon siljishda davom etmoqda.
Ko‘plab mamlakatlarda havo harorati +35°C dan oshib ketdi, ayrim hududlarda esa quyosh ostida harorat deyarli +50°C ga yetmoqda. Germaniyada kuchli issiq sabab ayrim svetoforlar eriy boshlagan, Berlinda esa politsiya aholini sovutish uchun suv purkagichlardan foydalangan.
Eng og‘ir vaziyat Fransiyada kuzatilmoqda. Parij jiddiy sanitariya inqiroziga duch kelgan: shifoxonalar to‘lib ketgan, tibbiyot muassasalarida deyarli bo‘sh o‘rin qolmagan. OAV xabarlariga ko‘ra, ayrim bemorlar yordam kutib, koridorlarda yotishga majbur bo‘lmoqda.
So‘nggi bir sutka ichida Parij shifoxonalarida 3 mingdan ortiq murojaat qayd etilgan. Jaziramaning eng yuqori nuqtasida esa uyda va ko‘chalarda kuniga 100 dan ortiq o‘lim holati qayd etilgani aytilmoqda. Odatda bu ko‘rsatkich kuniga taxminan 7 ta holatni tashkil qiladi.
Anomal issiq yevropaliklarning kundalik hayotiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim shaharlarda do‘konlarda ichimlik suvi tanqisligi kuzatilmoqda, odamlar esa issiqdan qutulish uchun har qanday usullardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Sinoptiklar jazirama yana bir necha kun davom etishi va Yevropaning yangi hududlariga tarqalishini prognoz qilmoqda. Bir qator davlatlar aholiga quyosh ostida uzoq qolmaslik, ko‘proq suv ichish va imkon qadar salqin joylarda bo‘lishni tavsiya qilgan.
