Aholi roʻyxatining dastlabki natijalariga koʻra, joriy yil 15-yanvar holatiga Oʻzbekiston aholisi 39 mln 47 ming 321 kishini tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi raisi Behzod Xamraev maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bu koʻrsatkich avvalgi statistik hisob-kitoblarga nisbatan 810,6 ming kishiga (2,1%) koʻpdir.
Jinsiy tarkib bo‘yicha aholining 19,8 mln nafari (50,6%) erkaklar, 19,3 mln nafari (49,4%) ayollardan iborat.
Yosh tarkibida mehnatga layoqatdan kichik yoshdagilar 12,5 mln kishini, mehnatga layoqatli aholi esa 21,7 mln kishini tashkil etadi.
1989-yilgi aholi roʻyxati natijalari bilan solishtirganda mamlakat aholisi qariyb ikki baravarga oshgan.
Aholi roʻyxati jarayonida aholining 97,3 foizi qamrab olingan bo‘lib, 2,7 foiz aholi turli sabablarga ko‘ra unda ishtirok etmagan.
