“O‘zbekneftgaz” AJ sobiq boshqaruv raisi Bahodir Siddiqovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bo‘yicha ayblanmoqda.
U bilan birga yana sakkiz nafar shaxs sud qilinmoqda. Ular orasida Enter Engineering Pte. Ltd bosh direktori Ulug‘bek Usmonov, Eriell Management MChJ direktori Nodirjon Boboyev hamda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Anarqulov ham bor.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi va “O‘zbekneftgaz”ning ayrim mansabdor shaxslari 643 milliard so‘m miqdoridagi davlat mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Tergov talqiniga ko‘ra, ular oldindan til biriktirib, davlat budjeti mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirgan.
Agar sudda ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, ayblanuvchilarga eng og‘ir moddalar bo‘yicha 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
